MIRZACHO‘LDA NAVRO‘Z SHUKUHI

MIRZACHO‘LDA NAVRO‘Z SHUKUHI Bugun Mirzacho‘l tumanida erta tongdan “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” shiori ostida umumxalq sayillari shaklida bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Bayram davomida tashkil etilgan bahoriy taomlar ko‘rgazmalari, sumalak sayli, xalq o‘yinlari, kurash musobaqalari hamda sportning turli yo‘nalishlaridagi bellashuvlar tuman ahliga manzur bo‘ldi. Milliy urf-odat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan marosimlar esa bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Mirzacho‘l tumani hokimi B.K. Mirzaqulov barcha yurtdoshlarni Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etib, barchani bayram shodiyonalarida faol ishtirok etishga chorladi. Tadbir davomida mehnat faxriylariga alohida e’tibor va izzat-ikrom ko‘rsatilib, bayram kayfiyati karnay-surnay sadolari, sahna ko‘rinishlari hamda san’atkorlar chiqishlari bilan yanada ko‘tarildi. Shuningdek, tashkil etilgan ko‘rgazmalar, hunarmandchilik namunalari va ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga chinakam bayramona shukuh va bahoriy kayfiyat ulashdi. Mirzacho‘l tumani o‘zining ko‘p millatli aholisi bilan do‘stlik va hamjihatlik maskani ekanini yana bir bor namoyon etdi. Turli millat vakillarining milliy chiqishlari bayramga o‘ziga xos rang va mazmun bag‘ishladi. Darhaqiqat, xalqimizning boy an’analari va qadriyatlari asrlar davomida sayqallanib kelmoqda. Istiqlol yillarida esa ushbu an’analar yanada boyib, yangi mazmun bilan to‘ldirilmoqda. 🌷Navro‘z — bu yangilanish, ezgulik va mehr-oqibat bayramidir. Navro‘zingiz muborak bo‘lsin 🌸