🖥“TUMAN HOKIMI KUBOGI” KITOBXONLIK TANLOVI G‘OLIBLARI ANIQLANDI Mirzacho‘l tumani hokimligi va “Mirzacho‘l hayoti” gazetasi tashabbusi bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Tuman hokimi kubogi” kitobxonlik tanlovi yakuniga yetdi. ✅Tanlovning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularni mutolaaga keng jalb etish, ma’naviy dunyosini boyitish hamda buyuk ajdodlarimizning boy adabiy merosini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Tanlov 10–14 va 15–18 yosh toifalarida ikki bosqichda o‘tkazildi. Dastlab maktab bosqichida o‘quvchilar test sinovlari orqali saralab olindi. Tuman bosqichida esa ishtirokchilar kvest, she’riyat hamda tezkor savol-javoblar shartlari bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Shuningdek, tanlov jarayonlarining shaffof va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari hakamlar hay’ati a’zolari sifatida faol ishtirok etib, ishtirokchilarning bilim va salohiyatini baholashda o‘z hissalarini qo‘shdilar. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar g‘olib deb topilib, tuman hokimligi hamda homiylar tomonidan munosib taqdirlandilar. 🏆 1-o‘rin sohiblariga 1-darajali diplom, smart televizor hamda “Tuman hokimi kubogi” topshirildi. 🥈 2-o‘rin sohiblari 2-darajali diplom va mikroto‘lqinli pech bilan taqdirlandi. 🥉 3-o‘rin g‘oliblariga 3-darajali diplom hamda termopot topshirildi. Shuningdek, tanlovda faol qatnashgan barcha o‘quvchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Kitob – tafakkur qanoti, ma’naviyat manbai. Yoshlarimizning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilayotgan bunday tanlovlar kelajak avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.