Joriy yilning 29-iyul kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazida "Zukko kitobxonlar ligasi" loyihasi doirasida "Kitoblar charxpalagi" nomli qiziqarli kitobxonlik tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad kitobxonlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, badiiy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Tanlov davomida ishtirokchilar G‘afur G‘ulomning "Shum bola" hamda Anvar Obidjonning "Dahshatli Meshpolvon" asarlari yuzasidan tayyorlangan savollarga javob berdilar. Savollar maxsus "Kitoblar charxpalagi" orqali tanlanib, bu jarayon tanlovga yanada qiziqarli va interaktiv tus bag‘ishladi. Ishtirokchilar savollarga faol va puxta tayyorgarlik bilan javob berib, o‘z bilim va kitobxonlik salohiyatlarini namoyish etdilar. Har bir savol ortida tayyorlangan yashirin sovg‘alar esa tanlov ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Tanlov yakunida faol ishtirok etgan kitobxonlar munosib rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.