Joriy yilning 7-sentabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan 18-maktab o‘quvchilari ishtirokida “Kitobsevar avlod — buyuk kelajak” mavzusida kitob ko‘rgazmasi va bibliografik sharh tadbiri tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaa qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishdan iborat bo‘ldi. 📖 Tadbir davomida o‘quvchilarga kitob va mutolaaning inson hayotidagi beqiyos ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Kitob insonni fikrlashga, izlanishga, yaxshilik va ezgulikka intilishga undashi, muntazam mutolaa esa bilim va dunyoqarashni kengaytirishi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshligidan kitob o‘qishga odatlangan farzandning kelajakda bilimli, ma’rifatli va mustaqil fikrlaydigan inson bo‘lib voyaga yetishida kitobning o‘rni katta ekanligi qayd etildi. 📚 Kitob ko‘rgazmasidan o‘quvchilarning yoshiga mos badiiy bolalar adabiyoti, ertak va qissalar, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalari o‘rin oldi. Kutubxona xodimlari tomonidan ko‘rgazmadagi kitoblar haqida qisqacha ma’lumotlar berilib, o‘quvchilarga o‘qish uchun tavsiyalar taqdim etildi.