Davra suhbati

📚Joriy yilning 11-sentabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Paxtazor MFY hududida joylashgan 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimalari ishtirokida “Xalq og‘zaki ijodida ayollar timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad — xalq og‘zaki ijodi namunalarida ayol siymosining aks etishi, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analarida ayolga bo‘lgan yuksak hurmatni keng targ‘ib qilish, shuningdek, ishtirokchilarning ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida o‘zbek xalq og‘zaki ijodining muhim janrlari — ertak, doston, maqol, matal, rivoyat va afsonalarda ayollar obrazining ifodalanishi haqida fikr almashildi. Xalq ijodida ayol timsoli ko‘pincha mehribon ona, oqila rafiqa, sadoqatli yor, mard va jasur qiz, dono va tadbirkor inson sifatida gavdalanishi ta’kidlandi. Shuningdek, xalq og‘zaki ijodida ona siymosining alohida o‘rin tutishi, uning farzand tarbiyasidagi beqiyos o‘rni, oilada tinchlik va totuvlikni ta’minlashdagi mas’uliyati haqida suhbat olib borildi. Ayollarga xos oqillik, sabr-toqat, mehr-oqibat, sadoqat, jasorat va matonat kabi fazilatlarning xalqimiz og‘zaki ijodida qanday aks etishi misollar asosida muhokama qilindi.