Maʼrifat_soati

Joriy yilning 15-sentabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari ishtirokida 15-sentabr -Xalqaro tinchlik kuni munosabati bilan “Tinchlik bering dunyoga” mavzusida ma’rifat soati tashkil etildi. Tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikning inson hayoti, jamiyat taraqqiyoti hamda mamlakat ravnaqidagi beqiyos o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Tinchlik — insoniyat uchun eng ulug‘ ne’mat, farovon va baxtli hayotning mustahkam poydevori ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni asrash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi. Ma’rifat soati davomida kitoblarda tinchlik, insonparvarlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari qanday tarannum etilishi haqida ham so‘z yuritilib, mavzuga oid adabiyotlar tavsiya qilindi. Tinchlik bor joyda — taraqqiyot, totuvlik va farovonlik bo‘ladi. Zero, dunyoda tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, inson qalbida hamisha ezgulik, umid va kelajakka ishonch yashaydi. 🕊 Tinchlik — bebaho ne’mat, uni asrash esa barchamizning muqaddas burchimizdir!