Kitobxon ona-kitobxon bola

📚Joriy yilning 16-sentabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan “Kitobxon ona — kitobxon bola” loyihasi doirasida “Kitobxon oiladan — kitobxon avlod sari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Musiqa va san’at maktabida o‘tkazilib, unda kitobxonlikning oila muhitidagi o‘rni, farzand tarbiyasida kitob va mutolaaning ahamiyati, yosh avlodda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish masalalari haqida fikr almashildi. Davra suhbatida kitobxon ona — farzand uchun eng yaxshi ibrat ekani, oilada mutolaa muhitini yaratish orqali bolalarning dunyoqarashi, tafakkuri va ma’naviy olamini boyitish mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishi, o‘qilgan asarlar yuzasidan suhbatlashishi va kitob tanlashda ularga ko‘mak berishi muhimligi haqida tavsiyalar berildi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, sevimli asarlari hamda mutolaa tajribalari haqida suhbatlashdilar. Kitoblar insonni ezgulikka, bilim olishga va ma’naviy kamolotga chorlovchi bebaho manba ekanligi qayd etildi.