Joriy yilning 16-oktabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan tuman oqila ayollari ishtirokida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Ona tilini sevgan ona — kitobxon avlod tarbiyachisi” mavzusida adabiy-musiqiy kecha tashkil etildi. 🗣️Tadbirning asosiy maqsadi ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada oshirish, o‘zbek tilining boyligi, go‘zalligi va betakrorligini keng targ‘ib etish, shuningdek, onalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi. Badiiy-musiqiy kecha davomida ona tilimizning millat ma’naviyati va milliy o‘zligimizni ifoda etishdagi beqiyos o‘rni, uning tarixiy taraqqiyoti hamda davlat tili sifatidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. O‘zbek tilini asrab-avaylash, uning sofligini saqlash, kundalik hayotda adabiy til me’yorlariga rioya qilish har bir yurtdoshimizning muhim burchi ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kitobxon onalarning farzandlar tarbiyasidagi o‘rni, oilada mutolaa muhitini shakllantirish, bolalarda kitobga mehr uyg‘otish va ona tiliga hurmat tuyg‘usini singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. ✔️Zero, kitobsevar ona — ma’naviyatli oilaning tayanchi, bilimli va barkamol avlodning tarbiyachisidir.