Koʻrgazma Bibliografik_sharh

Joriy yilning 2026-yil 22-oktabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Madaniyat markazining faollar zalida “Ma’naviyat xazinasi — kitob” nomli kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. 🗣️Ko‘rgazmadan asosiy maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, kitobxonlarning ma’naviy dunyosini boyitish hamda mutolaa orqali ularning dunyoqarashini kengaytirishdan iborat bóldi. Ko‘rgazmada 50 dan ortiq o’zbek va jahon adabiyoti durdonalari o‘rin oldi. Ushbu asarlar o‘zining mazmun-mohiyati, tarbiyaviy ahamiyati va badiiy qiymati bilan kitobxonlar e’tiborini tortdi. Badiiy adabiyot insonni hayot haqida chuqurroq fikrlashga, yaxshilik va yomonlikni farqlashga, ezgu fazilatlarni qadrlashga undaydi. 📕 O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalari — ushbu asarlar xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Ular kitobxonlarni ona Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va insoniylik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. 📗 Jahon adabiyoti namunalari — turli xalqlarning hayoti, madaniyati, dunyoqarashi va insoniy munosabatlarini yorituvchi asarlar orqali kitobxonlar boshqa xalqlarning ma’naviy olami bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. Bunday asarlar insonni keng fikrlashga, hayotiy voqealardan xulosa chiqarishga undaydi.