2026-yil 28-oktabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan tuman Madaniyat markazining faollar zalida “Kitobsevar oila — yuksak ma’naviyat maskani” mavzusida davra suhbati hamda kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. 🗣️Davra suhbatida oilada kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida kitob mutolaasining o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, oilada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni yaratish, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, ishonch va samimiy muloqotni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Suhbat davomida kitob insonning ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutishi, oilada kitobxonlik an’analarini shakllantirish va yosh avlodning dunyoqarashi hamda tafakkurini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ota-onalarning kitob o‘qishga bo‘lgan munosabati farzandlar uchun namuna bo‘lishi, birgalikda mutolaa qilish esa oila a’zolari o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashi qayd etildi. Tadbir doirasida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasida oila psixologiyasi, farzand tarbiyasi, ota-ona va farzand o‘rtasidagi muloqot, oilada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish hamda oilaviy munosabatlarga oid adabiyotlar o‘rin oldi. Mazkur kitoblar oilaviy hayotda uchraydigan turli vaziyatlarni tushunish, farzandlarning yoshiga xos ruhiy xususiyatlarini anglash, ularning qalbiga yo‘l topish va tarbiya jarayonida to‘g‘ri yondashuvni tanlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. ✔️Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ota-onalarning farzand tarbiyasiga oid bilimlarini boyitish va oilalarda mutolaa muhitini keng targ‘ib etishdan iborat.