Joriy yilning 29-oktabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Nuroniylar jamiyati oqila onalari ishtirokida “Bir adib haqida suhbat” loyihasi doirasida taniqli o‘zbek shoiri Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “She’riyat osmonida porlagan yulduz — Muhammad Yusuf” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 🗣️Davra suhbatida o‘zbek xalqining ardoqli shoiri Muhammad Yusufning hayot yo‘li, sermazmun ijodi, o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi hamda she’rlarining xalq qalbidan chuqur joy olgani haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, Muhammad Yusuf o‘zining samimiy, sodda va yurakka yaqin she’rlari bilan kitobxonlar mehrini qozongan ijodkordir. Uning Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat, insoniylik, mehr-oqibat va milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi she’rlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shoirning betakror ijodi yosh avlodni Vatanga muhabbat, ezgulik va insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Tadbir davomida oqila onalar tomonidan shoir ijodiga oid fikr-mulohazalar bildirilib, uning hayoti va ijodidan qiziqarli ma’lumotlar o‘rtoqlashildi. Muhammad Yusufning she’rlari xalqimiz qalbida mangu yashashi, uning ijodiy merosi kelajak avlodlar uchun ham ma’naviy boylik bo‘lib qolishi alohida e’tirof etildi. Mazkur davra suhbati ishtirokchilarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda buyuk ijodkorlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Muhammad Yusuf she’riyati — xalq qalbining sadosi, Vatan muhabbatining betakror ifodasidir!