Davra suhbati

Joriy yilning 10-noyabr kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazida Toshkent MFY hududida joylashgan 6-umumta’lim maktabi o'qituvchi hamda o‘quvchilari ishtirokida “Kitob – insonning eng yaqin ma’naviy hamrohi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 🗣️Tadbir davomida o‘quvchilarga kitobning inson hayotidagi beqiyos o‘rni, bilim va tafakkurni boyitishdagi ahamiyati, mutolaaning yosh avlod ma’naviy kamolotidagi roli haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, kitob o‘qish orqali insonning dunyoqarashi kengayishi, nutq madaniyati rivojlanishi, mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanishi hamda ezgu fazilatlar kamol topishi alohida ta’kidlandi. O‘quvchilarga o‘z qiziqishlari va yosh xususiyatlariga mos badiiy adabiyotlarni tanlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va mutolaani kundalik hayot tarziga aylantirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Davra suhbati davomida o‘quvchilar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, o‘zlari sevib mutolaa qilgan kitoblari haqida suhbatlashdilar.